Bizning manzil:
111215, Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur ko'chasi 4-uy Elektron manzil: ilmiymarkaz@karantin.uzO‘simliklar karantini va himoyasi agentligida 2022-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilishi haqida umumiy hisobot

I. Tashkilotning Korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar dasturi bajarilgani to‘g‘risida umumiy axborot
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) Ichki nazorat bo‘limi tomonidan “O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha 2022-2025-yillar davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar” dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) ishlab chiqilib Agentlikning 31.03.2022-yildagi 134-P-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan. Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Agentlik tizim tashkilotlari va hududiy bo‘linmalari tomonidan ham tegishli dasturlar ishlab chiqilib ijroga qaratilgan.
Jumladan, Dasturning 1-bandi ijrosi to‘liq taʼminlanib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 12 ta ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilgan hamda tarkibiy bo‘linma va hududiy boshqarmalarga ijrosini taʼminlash uchun yuborilgan.
2-bandi ijrosi bo‘yicha Agentlik tizimidagi ehtimoliy korrupsiyaviy holatlar, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish uchun turli xil aloqa kanallari (ishonch telefoni (71-202-64-64), rasmiy veb-saytda korrupsion to‘siqlar xaqida sahifa, anticorruption@karantin.uz elektron manzil, uzdavkarantin_antikor telegram bot) tashkil etilib, ularni ishlash tartibi to‘g‘risidagi maʼlumotlar rasmiy veb-sayt (karantin.uz)ga joylashtirildi.
Shuningdek, Agentlik, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalariga aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamenti ishlab chiqilgan bo‘lib, unga muvofiq ushbu mazmundagi murojaatlarni ko‘rib chiqish Ichki nazorat bo‘limi masʼul xodimi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinishi hamda dastlabki tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.
3-bandi bo‘yicha Agentlik tizimida vakant o‘rinlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar rasmiy Veb-saytga joylashtirilgan hamda kadrlarni ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan tartib asosida “Argos” tizimi orqali amalga oshirilmoqda, tanlov jarayoni esa onlayn tarzda Internet tarmog‘i orqali namoyish qilinadi.
4-band bo‘yicha Agentlik markaziy apparati va barcha tizim tashkilotlarida mehnat shartnomalariga qo‘shimcha korrupsiyaga qarshi shartlar kiritildi va xodimlar bilan qo‘shimcha mehnat shartnomalari tuzildi.
5-bandi bo‘yicha Korrupsiya holatlari haqida xabar bergan xodimlarni rag‘batlantirish, ularni taʼqibga olinmasligi kafolatlarini tartibga soluvchi ichki reglament ishlab chiqilib buyruq bilan tasdiqlandi hamda tizim tashkilotlari xodimlariga tanishtirildi.
6-bandi bo‘yicha “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi Nizom” talablari asosida ishga qabul qilinayotgan, lavozimi o‘zgarayotgan xodimlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirish tizimi joriy etildi.
II. Siyosat va tartib-taomillar
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Ichki nazorat bo‘limi tomonidan ISO 37001-16 xalqaro standart talablari asosida agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq 12 ta ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilgan hamda Agentlikning 25.01.22-yildagi 31-p-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Jumladan:
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati;
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish Dasturi;
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xodimlarining Odob-ahloq qoidalari;
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha nizom va boshqalar.
Ushbu ichki idoraviy hujjatlar bilan Agentlik tizimida faoliyat olib borayotgan barcha xodimlar tanishtirilgan va tanishtirilganligini imzo qo‘yish bilan tasdiqlashgan.
III. Xavf-xatarlarni baholash
“Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti”ga asosan Agentlik markaziy apparati hamda tarkibiy va hududiy tuzilmalari tomonidan, ular amalga oshiradigan har bir funksiya bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan baholash ishlari amalga oshirilib tuzilmalarning korrupsion xavf-xatarlar xaritasi tuzildi. Ushbu xavf-xatarlar xaritalari asosida Ichki nazorat bo‘limi tomonidan Agentlikning birlashgan korrupsion xavf-xatarlar xaritasi shakllantirildi. Baholash jarayonida Agentlik funksiyalarining 8 tasida yuqori va 8 tasida o‘rta korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlandi. Shuningdek, birlashgan korrupsion xavf-xatarlar xaritasidan kelib chiqqan holda Agentlik tizimidagi yuqori korrupsiyaviy xavf-xatarga moyil funksiyalar va lavozimlar ruyxati tuzildi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha ishlar tashkil qilingan.
IV. Amalga oshiriladigan korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillar
Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish
“Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi Nizom” asosida Agentlik tizimida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha xodimlar tomonidan yillik deklaratsiyalash hamda yangi ishga qabul qilish vaqtida deklaratsiyani to‘ldirish amaliyoti to‘liq yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu tartib barcha xodimlarga nisbatan amal qiladi. Hisobot davrida Agentlik markaziy apparati hamda tarkibiy va hududiy tuzilmalarida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmadi.
Korrupsiyaga qarshi qoidalarni Tashkilot shartnomalariga kiritish
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan tuzilayotgan barcha shartnomalarga korrupsiyaga qarshi qoidalar (7 ta band) kiritilgan bo‘lib, hisobot davrida kontragentlar tomonidan korrupsiyaga qarshi qoidalarni shartnomalarga kiritishni rad etish holatlari qayd etilmadi.
Shuningdek, tashkilot tizimida kontragent tomonidan korrupsiyaga qarshi qoidalar buzilishi sababli shartnomalarni bekor qilish holati ham ro‘y bermadi.
Kontragentlarni tekshirish
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 22.04.2021-yildagi 684-sonli Qonuniga asosan 2022-yil mobaynida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan jami 158 ta shartnoma imzolangan, shulardan elektron auksion orqali 49 ta shartnoma, elektron magazin orqali 107 dona, eng yaxshi takliflarni tanlab olish (konkurs) orqali jami 12 (Markaziy apparat-2, hududiy boshqarmalar-10)ta shartnomalar tuzilgan.
Shu kunga qadar o‘tkazilgan 12 ta eng yaxshi takliflarni tanlab olish (konkurs) orqali tuzilgan shartnomalar bo‘yicha kontragentlarni tekshirish amalga oshirildi
va tekshiruv natijalariga ko‘ra koorupsiyaviy alomatlar va manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanmadi.
Ishga nomzodlarni tekshirish
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining 2022-yil 25-yanvardagi 31-p-sonli buyrug‘i 7-ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha Yo‘riqnoma“ talablari asosida Agentlik markaziy apparati, hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida tashkilot tizimiga ishga kirish uchun nomzodlar ustidan 275 ta tekshiruv o‘tkazilib, ular bo‘yicha tegishli xulosalar rasmiylashtirilgan.
V. Taʼlim va kommunikatsiya
Hisobot davrida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida “Biz korrupsiyaga qarshimiz” mavzusida davra suhbati tashkil etilib unda Agentlik rahbariyati, Markaziy apparati, Ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika agrokimyoviy tahlil markazi, “Biosifat” markazi xodimlari, shuningdek, “Zoom” platformasi orqali hududiy tuzilmalar xodimlari ishtirok etishdi (qamrov doirasi 100 foiz). Tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining masʼul xodimlari ishtirok etib, Agentlik xodimlariga korrupsiyaning kelib chiqishi, uning ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy zararlari, korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari va mexanizmlari, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning mazmun-mohiyati haqida tushuntirishlar berishdi.
Shuningdek, “O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha 2022-2025 yillar davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar” dasturi ijrosi doirasida Agentlikning barcha tarkibiy va hududiy tuzulmalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadidagi seminar-treninglar muntazam ravishda tashkil qilinib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yil 7-oktabrida Agentlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Bosh prokuratura akademiyasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida “Davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solish” mavzusida seminar-trening tashkil etilib, unda Agentlik markaziy apparati xodimlari, shuningdek, “Zoom” platformasi orqali tarkibiy va hududiy tuzilmalar barcha xodimlari ishtirok etishdi (qamrov doirasi 100 foiz).
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuraturasi va boshqa masʼul tashkilotlar tomonidan tashkil qilib kelinayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmalari masʼul xodimlarining bilim va ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha o‘quv-trening va seminarlarda Agentlik xodimlari muntazam ishtirok etib kelishmoqda.
Jumladan, joriy yilning 30-31 may kunlari Toshkent shahrida tashkil qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda ustuvor vazifalarni belgilash, mamlakatda korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy vositalarini joriy etish” mavzusidagi trening hamda joriy yil 23 sentyabrda o‘tkazilgan “II Toshkent aksilkorrupsiya forumi”da O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi masʼul xodimining ishtiroki taʼminlandi.
Bundan tashqari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash tuzilmalari xodimlari uchun shu yil noyabr-dekabr oylarida “Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma” hamda “BMT taraqqiyot dasturi” bilan hamkorlikda tashkil qilingan seminar-treninglarda ham xodimlar ishtiroki taʼminlanib tegishli sertifikatlar olindi.
VI. Korrupsiyaviy xatti-xarakatlar va huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlar
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga 2022 yil davomida korrupsiya faktlariga oid jami 11 ta fuqaro murojaati ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning 9 tasi yozma va 2 tasi ishonch telefoni orqali kelib tushgan. 9 ta shikoyat bo‘yicha ariza mualliflari ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi va natijalari bo‘yicha ularga tegishli maʼlumotlar berildi. 2 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
VII. Monitoring va nazorat
Ichki nazorat bo‘limi tomonidan Agentlik markaziy apparati, hududiy va tarkibiy bo‘linmalarda korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarning bajarilishi yuzasidan 13 ta tekshiruvlar o‘tkazildi.
Natijalariga ko‘ra, 8 ta tekshiruv bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilikda ko‘zda tutilgan choralarni ko‘rish uchun yuborildi, 5 ta tekshiruv yakunlari bo‘yicha qoidabuzarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
VIII. Aniqlangan qoidabuzarliklar va ularga taʼsir choralari
Tekshiruv hujjatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan 8 ta holatlarning 3 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan,
3 tasi bo‘yicha xodim maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 2 ta holat bo‘yicha tergovoldi harakatlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari aniqlangan 2 ta holatda Toshkent shahar boshqarmasiga yuborilgan hujjatlar bo‘yicha chegara maskani mudiriga hamda 4 nafar inspektorga hayfsan intizomiy jazosi tayinlangan.
1 ta holatda Samarqand viloyatiga yuborilgan hujjatlar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va O‘KCHM inspektori lavozimidan ozod qilingan.
1 ta holatda Buxoro viloyatiga yuborilgan hujjatlar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va O‘KCHM inspektori lavozimidan ozod etilgan.
1 ta holatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini
va himoyasi agentligiga yuborilgan hujjatlar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va O‘KCHM inspektori lavozimidan ozod qilingan.
1 ta holatdagi hujjatlar bo‘yicha markaziy apparat Litsenziyalash bo‘limining ikki nafar xodimi lavozimidan ozod etilgan.
1 ta holatda markaziy apparatning 4 nafar xodimi va Buxoro viloyati va Toshkent shahri boshqarmalarining 1 nafardan xodimlariga nisbatan xayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
2 ta holatda Toshkent viloyati boshqarmasining 3 nafar xodimiga nisbatan xayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Yil davomida Agentlik tizimida umumiy hisobda yo‘l qo‘yilgan turli qoidabuzarliklar, shu jumladan tashkilot ichki tartib qoidalarini buzganligi uchun 525 nafar xodimga nisbatan xayfsan va 67 nafar xodimga nisbatan ish xaqidan ushlab qolish intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
IX. Xulosalar
Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish bo‘yicha ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqildi va amaliyotga kiritildi. Shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan funksiya va lavozimlar aniqlab olindi
va ularda korrupsiyaviy xaf-xatarlarni minimallashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan monitoring va nazorat tadbirlari davomida olingan maʼlumotlar tahlili, Agentlik tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bilim va ko‘nikmalarining nisbatan pastligini, sohaga oid qonunchilik hamda ichki idoraviy hujjatlar talablaridan xabardorliklari esa yetarli darajada emasligini ko‘rsatdi. Bu esa o‘z navbatida xodimlarning xizmat faoliyatlarini amalga oshirish jaryonida korrupsiyaga
oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yishlariga olib kelayotgan muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
X. Korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar va tadbirlar rejasi
Hisobot davrida Agentlik tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni yanada kamaytirish, hamda ularning korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida soha mutaxassislarini jalb etgan holda o‘quv-seminarlari va davra suhbatlarini yanada oshirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish hamda tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillariga amal qilinishi yuzasidan nazorat va monitoring ishlarini ko‘chaytirish rejalashtirilmoqda.
- Aloqador yangiliklar
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish
- O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari haqidagi yillik
- Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida maxsus o'quv-seminari o‘tkazildi
- Korrupsiyaga qarshi kurashish – dolzarb vazifa
- Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha marifiy soat o'tkazildi
- Barchasini ko'rish