Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Yuqori turuvchi tashkilot

O‘simliklar karantini va himoyasi agentiligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 15-iyuldagi PF-6262-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2021-yil 15-iyuldagi PQ-5185-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida tashkil etilgan.

Agentlik o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (keyingi o‘rinlarda - Vazirlar Mahkamasi) bo‘ysunadi.

Agentlik tarkibiga quyidagilar kiradi:

Agentlikning markaziy apparati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda – o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalari);

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda — O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti);

Respublika agrokimyoviy tahlil markazi;

“Biosifat” respublika markazi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari.

Agentlik, hududiy boshqarmalar, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa idoraviy mansub tuzilmalar o‘simliklar karantini va himoyasi davlat xizmatining yagona markaziy tizimini tashkil qiladi.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

1) o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish;

2) tuproq agrokimyoviy tahlillarini o‘tkazish va qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan barcha turdagi mineral va mikrobiologik o‘g‘itlar sifatini nazorat qilish, tuproq va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibidagi pestitsid, nitrat va og‘ir metall tuzlari qoldiqlarini dala sharoitida radiologik-toksikologik tahlillardan o‘tkazish;

3) o‘simliklar karantini va himoyasida prognoz tizimini takomillashtirish, zararli organizmlarga qarshi kurashning uyg‘unlashgan samarali usullarini belgilash hamda ijrosini nazorat qilish, monitoring olib borish, iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish hamda yo‘q qilish;

4) O‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar tizimini rivojlantirish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;

5) o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari hamda mineral va mikrobiologik o‘g‘itlarning biologik samaradorligi bo‘yicha sinovlarni tashkil qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish, qishloq xo‘jaligida kimyolashtirish va biologik vositalardan foydalanish sohasida normativ, reglament va standartlar ishlab chiqish hamda kimyolashtirish va biologik vositalar realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

6) fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashda ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy innovatsion yechimlar, rejalashtirish va boshqarish usullarini joriy etish, ilg‘or texnologiyalar hamda ish usullarini joriy etishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sohada kadrlarni tizimli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

7)  o‘simliklar karantini va himoyasi hamda agrokimyo sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xizmati faoliyatiga zamonaviy xorijiy texnologiyalar va ish uslublarini joriy etish;

8) o‘simliklar karantini va himoyasi davlat xizmati kadrlarini tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbarlar va mutaxassislar, ishlash shakllari va usullarini takomillashtirish, yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha ularning mas’uliyatini oshirish.

Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

1) O‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish sohasida:

Vazirlar Mahkamasiga o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo yagona davlat siyosatini yuritishga qaratilgan takliflarni, o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga doir normativ-huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarining loyihalarini ko‘rib chiqish uchun kiritadi;

o‘z vakolati doirasida buyruqlar qabul qiladi, yuridik va jismoniy shaxslar bajarishi majburiy bo‘lgan yo‘riqnomalar, karantin qoidalari va fitosanitariya talablarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi hamda ularni tashkilotlar va fuqarolarga yetkazadi;

jismoniy va yuridik shaxslarning o‘simliklar karantini va himoyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari, shu jumladan karantini qoidalari, shuningdek, fitosanitariya talablarining bajarilishini davlat tomonidan nazorat qilinishini ta’minlaydi;

respublika hududida o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;

o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi xalqaro konvensiyalar va boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnomalardan kelib chiqadigan tadbirlar o‘tkazilishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtiradi;

jismoniy va yuridik shaxslarning karantin hamda boshqa o‘ta xavfli zararli organizmlar kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan kompleks profilaktika chora-tadbirlarini belgilangan muddatlarda bajarishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;

xorijiy davlatlardan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik xom ashyosi va boshqa o‘simlik mahsulotlari hamda xalq iste’mol tovarlari olib kiriladigan chegara maskanlarini belgilaydi;

respublikaga xorijiy davlatlardan urug‘lar, o‘simliklar va boshqa o‘simlik mahsulotlari yetkazib berish yoki respublika hududi orqali tashish uchun savdo shartnomalariga (kontraktlariga) o‘simliklar karantini va himoyasi davlat xizmati talablarining kiritilishini nazorat qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat tekshiruvlarini belgilangan tartibda tashkil etadi va o‘tkazadi, shuningdek, karantin tusidagi favqulodda vaziyatlarda boshqa davlatlar hududida o‘tkaziladigan xizmat tekshiruvlarida ishtirok etadi;

zarur bo‘lganda, xorijiy davlatlardan katta miqdorda urug‘lar, o‘simliklar va boshqa o‘simlik mahsulotlari sotib olingan hollarda ushbu davlatlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari va ko‘chatlarning fitosanitariya holatini o‘rganish uchun fitosanitariya nazorati mutaxassislarini yuboradi;

tanlab olish asosida fitosanitariya nazoratini o‘tkazish imkonini beradigan alohida xavf-xatarlarni tahlil qilish tizimlarini joriy etish va muntazam yangilab borish;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi uchun o‘simliklar karantinida bo‘lgan zararli organizmlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;

xavfli zararli organizmlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududiga chetdan kiritilishi mumkin bo‘lmagan o‘simliklarning ekish materiallari, o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar va ularning hududlari ro‘yxatini tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi mumkin bo‘lmagan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;

fitosanitar sertifikati va karantin ruxsatnomasini beradi;

olib kiriladigan va jo‘natiladigan, karantin zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlar tashuvchilari bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar turlari, urug‘liklar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvini hamda laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazadi;

o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarni belgilangan tartibda laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazadi;

urug‘liklar, o‘simliklar, o‘simlik xom ashyosi, boshqa o‘simlik mahsulotlari va xalq iste’mol tovarlarini mamlakat ichida tashish, eksport qilish uchun olib chiqishning karantin qoidalari hamda ulardan foydalanish shartlarini tasdiqlaydi;

zarur bo‘lganda, jismoniy va yuridik shaxslarga karantindagi zararli organizmlarga qarshi kurashishda yordam berish uchun ixtisoslashtirilgan fumigatsiya otryadlarini tuzadi;

respublika hududlarini karantin bo‘yicha hududlarga va mikrohududlarga ajratadi;

mahalliy davlat hokimiyat organlari va Vazirlar Mahkamasiga tegishli hududda karantin o‘rnatish (uni bekor qilish) to‘g‘risida taqdimnomalar kiritadi;

qishloq xo‘jaligi va boshqa o‘simliklar mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, sotish va ulardan foydalanishda o‘simliklar karantini bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya etilishi va tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni sog‘lomlashtirishni tashkil etadi;

nazorat qilinadigan zararli organizmlarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida qishloq xo‘jaligi va boshqa ekinlar, o‘simlik mahsulotlari saqlanadigan va qayta ishlanadigan joylarda nazorat tekshiruvlarini o‘tkazadi;

o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi ilmiy amaliy tadqiqotlarning buyurtmalarini muvofiqlashtiradi;

zararli va o‘ta xavfli organizmlarning monitoringini tashkil qiladi;

xalqaro tashkilotlar va davlat organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi o‘simliklar himoyasi sohasidagi xalqaro dasturlarning amalga oshirilishida ishtirok etadi;

davlat fitosanitar nazoratini amalga oshiradi;

o‘z vakolati doirasida standartlashtirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqadi, shuningdek standartlashtirish bo‘yicha davlat standartlari, xalqaro  (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar, xorijiy mamlakatlarning milliy standartlari texnik-iqtisodiy axborotlar milliy klassifikatorlari va tavsiyalarni o‘zgartirish, qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritadi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga qarshi kurash xarajatlari belgilangan tartibda qoplanadigan zararli organizmlar ro‘yxatini kiritadi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan o‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan holda pestitsidlarni zararsizlantirish tartibini, shuningdek, maxsus saqlash muassasalarini tegishli holatda saqlash shartlarini belgilaydi;

fitosanitariya tadbirlarni amalga oshirish tartibi, uslublari va tavsiyalarini tasdiqlaydi;

o‘simliklar himoyasi sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek o‘simliklar himoyasi bo‘yicha o‘quv dasturlariga muvofiq mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirishni ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

2) Tuproq agrokimyoviy tahlillarini o‘tkazish va qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan barcha turdagi mineral va mikrobiologik o‘g‘itlar sifatini nazorat qilish, tuproq va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibidagi pestitsid, nitrat va og‘ir metall tuzlari qoldiqlarini dala sharoitida radiologik-toksikologik tahlillardan o‘tkazish sohasida:

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining muayyan turlarini ishlab chiqarish maqsadida qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqbul foydalanish uchun hududlarni ixtisoslashtirish bo‘yicha tavsiya etilgan sxemalarni tasdiqlaydi;

tuproqlarni agrokimyoviy tekshirish qoidalarini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha agrokimyoviy xizmatlarning tabiiy normalarini, qishloq xo‘jaligi yerlarining agrokimyoviy holati to‘g‘risidagi axborot ma’lumotlar bankini yuritish qoidalarini tasdiqlaydi;

yerlarning agrokimyoviy holatini kuzatish va baholashda Respublika agrokimyoviy tahlil markazining xizmatlar ko‘rsatish va tariflari qoidalarini tasdiqlaydi;

yerlarning agrokimyoviy holati asosida qishloq xo‘jaligi hududlarini rivojlantirish sohasida mahalliy ijro hokimiyati  faoliyatiga metodik rahbarlik qiladi;

agrokimyoviy tahlil tizimini takomillashtirish, agrokimyoviy tahlil infratuzilmasini modernizatsiya qilish va texnik yangilash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

mineral o‘g‘itlarga qo‘yiladigan ilmiy talablarni va ularni qishloq xo‘jalik ekinlariga tatbiq etishni tasdiqlaydi;

vakolatli organlar bilan birgalikda tuproq, mineral o‘g‘itlar, radiologik va toksikologik tadqiqotlarning laboratoriya tahlillarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

laboratoriyalarni xalqaro standartlar talablariga moslashtirish va ularni belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

agrokimyoviy tahlil laboratoriyalari, biolaboratoriyalar, o‘simliklar klinikalari va tuproq klinikalarida ISO/IEC 17025 xalqaro standarti talablarini tadbiq etadi;

tuproqdagi oziq moddalarning darajasini o‘rganish va yaxshilash sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boradi;

kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini takomillashtirish, agrokimyoviy tahlil sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

xorijiy davlatlarning vakolatli organlari  bilan tajriba almashish va malaka oshirish sohasida hamkorlik qiladi;

eksport bozorlari uchun organik va an’anaviy qishloq xo‘jaligida ruxsat etilgan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va o‘g‘itlarni belgilaydi;

o‘simliklarni himoya qilishda ishlatiladigan inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi kimyoviy moddalarni ularning o‘rnini bosuvchi moddalar bilan xalqaro talablarga muvofiq bosqichma-bosqich almashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

3) O‘simliklar karantini va himoyasida prognoz tizimini takomillashtirish, zararli organizmlarga qarshi kurashning uyg‘unlashgan samarali usullarini belgilash hamda ijrosini nazorat qilish, monitoring olib borish, iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish hamda yo‘q qilish sohasida:

respublika hududida sezilarli iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarning fitosanitariya xavfini tahlil qiladi va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitariya tadbirlarini ishlab chiqadi;

respublika hududida o‘simliklar karantini obyektlari va boshqa xavfli o‘simlik zararkunandalarining tarqalishini aniqlaydi va bashorat qiladi, shuningdek, ularni tashxislash hamda ularga qarshi kurashning ekspress-usullarini ishlab chiqadi;

karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlarga qarshi kurash usullarini tasdiqlash, ulardan xoli hududlarni aniqlash, ularning tarqalishini oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va tegishli organlarga taqdim etish;

zararli organizmlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’sirini ilmiy jihatdan o‘rganadi, ularga qarshi kurashishning innovatsion usullarini va entomofaglarning yangi turlarini iqlimlashtirishni ishlab chiqadi;

respublika hududida yetishtirilgan paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridagi zararkunanda, kasallik va begona o‘tlarni erta aniqlash, bioekologik xususiyatlarni o‘rganish va zararlanish darajasiga qarab kurash usullarini takomillashtirish ishlarini olib boradi;

atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan mamlakatda “organik qishloq xo‘jaligi”ni rivojlantirish sohasida o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilish vositalari va usullarini tasdiqlaydi.

4) O‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar tizimini rivojlantirish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:

o‘simlik klinikalari monitoringi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, shu jumladan o‘simlik klinikalari tomonidan ayrim kimyoviy moddalarni iste’molchilarga sotish;

o‘simlik klinikalari huzurida majburiy bo‘lgan kimyoviy, biokimyoviy, biologik, mexanik vositalar, qurilmalar va preparatlarning minimal assortimenti ro‘yxatini tasdiqlaydi;

agronom-inspektorning tavsiyasi va retsepti asosida sotiladigan kimyoviy moddalar ro‘yxatini tasdiqlaydi;

o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi jismoniy shaxslar va o‘simlik klinikalari xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazadi;

zararli organizmlarga qarshi kurashning biologik usulini keng qo‘llash choralarini ko‘radi;

biolaboratoriya faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish;

xalqaro hamkorlikni kengaytirish, biologik himoya sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalar va usullarni joriy etish.

5) O‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari hamda mineral va mikrobiologik o‘g‘itlarning biologik samaradorligi bo‘yicha sinovlarni tashkil qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish, qishloq xo‘jaligida kimyolashtirish va biologik vositalardan foydalanish sohasida normativ, reglament va standartlar ishlab chiqish hamda kimyolashtirish va biologik vositalar realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:

o‘simliklarni himoya qilish vositalari (pestitsidlar) xavfsizligi bo‘yicha maxsus texnik reglamentlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

ro‘yxatga olish (kichik va ishlab chiqarish) sinovlari yoki ilmiy tadqiqotlar uchun ro‘yxatdan o‘tmagan o‘simliklarni himoya qilish vositalari (pestitsidlar) namunalarini olib kirishga xulosalar (ruxsatnomalar) beradi;

o‘simliklarni himoya qilish vositalari (pestitsidlar) importiga, shuningdek, o‘simliklarni himoya qilish vositalari (pestitsidlar), mineral o‘g‘itlarning ulgurji va chakana savdosiga litsenziyalar beradi;

pestitsidlarni ishlab chiqarish, sotish, pestitsidlarni ayerozol va fumigatsiya usullari bilan ishlatish bo‘yicha malaka talablarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan holda ro‘yxatga olish (kichik va ishlab chiqarish) testlarini o‘tkazish va pestitsidlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

pestitsidlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va pestitsidlar uchun ro‘yxatga olish guvohnomalarini berishni amalga oshiradi;

pestitsidlarning ro‘yxatlarini tasdiqlaydi;

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida foydalanishga ruxsat etilgan zararkunandalarga qarshi kimyoviy va biologik vositalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlar, defoliantlar hamda o‘simliklarni o‘sish regulyatorlari ro‘yxatini yuritadi va bir yilda kamida bir marta e’lon qilib boradi;

o‘simliklarni himoya qilish mahsulotlarining faol va faol bo‘lmagan moddalaridan foydalanishda taqiqlangan hamda cheklangan reyestrini yuritadi;

ro‘yxatga olish testlarini tashkil qiladi (kichik va ishlab chiqarish);

respublika hududida budjet mablag‘lari hisobiga sotib olingan pestitsidlarni o‘simliklar karantini sohasidagi monitoring ma’lumotlari va hozirgi fitosanitariya holatiga qarab taqsimlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pestitsidlar zaxirasini shakllantirishni nazorat qiladi;

o‘simliklarni himoya qilish mahsulotlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, ulardan foydalanish qoidalariga rioya qilish, o‘simliklarni himoya qilish mahsulotlarining inson salomatligi va atrof-muhitga ta’sirini aniqlash bilan bog‘liq davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;

respublikada ishlab chiqarilayotgan va olib kirilayotgan o‘simliklarni himoya qilish vositalarining sifati nazoratini tashkil qiladi, ulardan foydalanish bo‘yicha xulosalar beradi va inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatilsa, ulardan foydalanishni to‘xtatib qo‘yadi;

o‘simliklarni biologik usulda himoya qilishda biomahsulotlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida Respublikada faoliyat yurituvchi biolaboratoriyalarda yetishtiriladigan biomahsulotlarga muvofiqlik sertifikati berilishini ta’minlaydi va “Biosifat” Respublika markazining xizmatlar ko‘rsatish tariflari qoidalarini tasdiqlaydi.

6) Fitosanitar xavfsizlik ta’minlash sohasida ilmiy, usulik va ta’lim imkoniyatlarini rivojlantirish, innovatsion ishlanmalar natijalari, rejalashtirish va boshqaruv usullarini amaliyotga joriy qilish, ilg‘or texnologiya va ish uslublarini ilmiy-tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, fitosanitariya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish, soha xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida:

iste’dodli yosh olimlar, magistrlar, doktarantlarning o‘simliklar karantini bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qiladi;

ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda karantindagi  zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarali tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

ilm-fan yutuqlari va ilg‘or tajribalarni joriy qiladi, shuningdek, aholini karantin zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurash tadbirlari bilan tizimli tanishtirish ishlarini amalga oshiradi;

o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarning yashirin zararlanganini karantin ko‘rigidan, laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazadi va aniqlaydi hamda zararsizlantirish usullarini ishlab chiqadi;

respublika hududida mavjud bo‘lmagan va cheklangan darajada tarqalgan zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari hamda begona o‘tlarning turlari va bioekologiyasini o‘rganadi.

7) O‘simliklar karantini va himoyasi hamda agrokimyo sohasida xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish faoliyatiga zamonaviy xorijiy texnologiyalar va ish usullarini joriy etish sohasida:

xalqaro tashkilotlarda o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha respublika manfaatlarini ifoda etadi;

fitosanitariya xavfsizligi, o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, konferensiyalar va seminarlarda ishtirok etadi;

xorijiy davlatlarning vakolatli idoralari bilan o‘simliklar karantini va fitosanitariya xavfsizligi to‘g‘risida zarur axborotlarni almashadi;

xorijiy davlatlardan kirib kelgan yoki tranzit tarzida olib o‘tiladigan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar O‘zbekiston Respublikasining fitosanitariya karantin talablariga mos kelmasligi sababli xalqaro standartlarga muvofiq choralar ko‘radi va bu haqida tegishli xorijiy davlat karantin xizmatini xabardor qiladi;

xorijiy davlatlarning sohadagi milliy tashkilotlarini o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarga qo‘yiladigan talablar va o‘simliklar karantini bo‘yicha xorijiy davlatlar organlari tomonidan ularga nisbatan belgilangan cheklovlar to‘g‘risida xabardor qiladi;

xorijiy davlatlarning tegishli idoralari bilan fitosanitar zonalar to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzish va ularni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etadi;

O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarning xorijiy davlatlar karantin fitosanitariya talablariga mos kelmagan holatlarda tekshiruvlar o‘tkazadi.

8) O‘simliklar karantini va himoyasi davlat xizmati kadrlarini tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbarlar va mutaxassislarning ishlash shakllari va uslublarini takomillashtirish, yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha ularning mas’uliyatini oshirish sohasida:

o‘simliklar karantini va himoyasi davlat xizmati kadrlarini tizimli asosda qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qiladi, rahbarlar va mutaxassislarning ishlash shakllari hamda uslublarini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

xodimlarning karantin zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashish bo‘yicha kasb darajasini muntazam oshirishga qaratilgan tizimli ishlar bajarilishini ta’minlaydi;

ilm-fan yutuqlari va ilg‘or tajribani, innovatsion uslublar, karantin zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashish vositalari hamda usullarini targ‘ib qilish hamda ishlab chiqarishga joriy etish, aholi o‘rtasida karantin obyektlar to‘g‘risidagi bilimni ommalashtirish ishlarini tashkil etadi.

Agentlik yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha funksiyalarni “E-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiyalashgan “Assalom Agro” platformasi orqali amalga oshiradi.