Bizning manzil:
111215, Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur ko'chasi 4-uy Elektron manzil: ilmiymarkaz@karantin.uzTomorqa yerlarida sabzavot ekinlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari maydonlarining har bir ekin turiga muvofiq barcha agrotexnik tadbirlarni, ya’ni o‘simlik va egat oralariga o‘z vaqtida sifatli ishlov berish, ularni tavsiyalar asosida o‘z muddatida hamda me’yorida oziqlantirish, o‘simlik talabidan hamda tuproqdagi namlikdan kelib chiqqan holda sug‘orish, shuningdek, havo isishi bilan paydo bo‘ladigan turli kasallik hamda zararkunandalarga, begona o‘tlarga qarshi kurash choralarini kechiktirmay amalga oshirilishi yuqori hosil olish imkoniyatini beradi.
To‘qsonbosti davrida hamda erta bahorda ekilgan piyoz, sabzi, osh lavlagi va sarimsoq maydonlaridagi begona o‘tlarni yo‘qotish, o‘simliklarni yaganalash tadbirlari tugallanib, asosan ularni hosil to‘plash davrida namga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida tuproq namligining talab etilgan me’yorda bo‘lishini ta’minlash uchun yer osti suvlarini joylashishiga e’tibor bergan holda maydondagi o‘simliklarni har 12–14 kunda gektariga 450–500 m3 hisobida suv bilan sug‘orish lozim. Har ikki sug‘orish oralig‘ida egat qator oralarini 12–14 sm chuqurlikda yumshatib turish talab etiladi.
Pomidor ko‘chatlarini ekish ishlari viloyatlarda ob-havo sharoitiga qarab may oyining 10-15-sanasigacha davom etadi.
Pomidor sug‘orilgandan 10 –12 kun o‘tgach, o‘simlik qator oralari 12–14 sm chuqurlikda sifatli qilib birinchi ishlov beriladi, qatordagi o‘simliklar orasi va atrofi esa qo‘lda yengil chopiq qilinadi, so‘ngra sug‘orish egatlarini tortish bilan birga har bir gektar maydon hisobiga 70–80 kg dan azotli o‘g‘it solinib, ketidan sug‘orish tavsiya etiladi.
Birinchi ishlovdan 13–15 kun o‘tgach tuproq namligiga qarab o‘simliklar sug‘oriladi va tuproq yetilishi bilan ikkinchi ishlov berish ishlari amalga oshiriladi. Bunda qator oralari yumshatgichlar bilan 15–16 sm chuqurlikda yumshatilib, o‘simliklar atrofidagi begona o‘tlarni yo‘qotish uchun yaxshilab chopib chiqiladi, so‘ngra suv egatlarini tortish bilan birga gektar hisobiga 80–90 kg azotli va 50 kg kaliyli o‘g‘itlar birga solinib, ketidan yana bir bor sug‘oriladi.
Bodringning namsevar o‘simlik ekanligini inobatga olib har 6–7 kun oralatib, o‘z vaqtida tuproq namligiga qarab sug‘orib turish lozim.
May oyi poliz ekinlarining o‘rtagi va kechki navlarini ekish uchun eng maqbul muddat hisoblanadi. Qovun va tarvuzning ertakisini 20-apreldan 10-maygacha, kechkisi 15-maydan 20-iyungacha ekish zarur.
Poliz urug‘lari ekilgan maydonlarni chirigan go‘ng, sholi qobig‘i, yog‘och qirindisi bilan mulchalash tuproqning qatqaloq bo‘lishining oldini olib, urug‘ning tez va sifatli unib chiqishini ta’minlaydi.
Ekilgan urug‘lar yerdan to‘liq unib chiqib, chinbarg chiqarganda yagana qilinadi, bunda har bir uyada 2 ta o‘simlik qoldiriladi. Oradan 18–20 kun o‘tgach, nihollarda 2–3 tadan chinbarg paydo bo‘lgan davrida ular ikkinchi marotaba yagana qilinadi va har bir uyada 1 tadan o‘simlik qoldiriladi. O‘simliklar qator oralarini maxsus yumshatgichlar bilan 14–16 sm chuqurlikda yumshatiladi, qatordagi o‘simliklar oralari esa qo‘lda yengil chopiq qilinadi, so‘ngra mahalliy hamda ma’dan o‘g‘itlarni tavsiya etilgan me’yorda solinib, ketidan suv beriladi.
Poliz ekinlari ildizlari juda kuchli o‘sib, tuproqning 3m chuqurlikdagi qatlamigacha taraladi. Shuning uchun ham poliz ekinlari qurg‘oqchilikka o‘ta chidamliligi bilan boshqalardan ajralib turadi.
O‘suv davri davomida poliz ekinlarni bo‘z tuproqli yerlarda har gal gektariga 400–500 m3 hisobida 7–8 marta sug‘orish talab etiladi. Sizot suvi yuza joylashgan dalalarda esa bo‘z tuproqli yerlarga qaraganda 5–6 marta kamroq sug‘oriladi.
O‘simlik maysalagandan so‘ng birinchi chopiqqa qadar ekinlar 1–2 marta sug‘oriladi. Birinchi yengil chopiq tugallangandan so‘ng 20–25 kungacha suvdan qantariladi. Bu davrda o‘simlik ildizini chuqurroq taralishiga intiladi, chopiqda ildizi kesilgan begona o‘tlar tez quriydi bu orada ekinning naychalash-meva tugishi tezlashadi. Navbatdagi suv ikkinchi chopiq oldidan beriladi.
Poliz ekinlarini organik va mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida va me’yorida oziqlantirish talab etiladi. Bir gektar maydonga 25–30 tonna organik o‘g‘it berilganda 75 kg azot, 75 kg fosfor va 50 kg kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish lozim. Bunda yillik me’yorga nisbatan kaliyli o‘g‘itning hammasi, fosforning 70–75 foizi asosiy shudgorlashda organik o‘g‘it bilan birga solinadi. Fosforli o‘g‘itning qolgan 25–30 foizi va azotning 50 foizi ekish oldidan beriladi, azotli o‘g‘itning qolgan 50 foizi ekinlar uch-to‘rt barg chiqarganidan keyin egatlarga 10–12 sm chuqurlikka solinadi.
Kunlarning isishi tufayli ko‘plab sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining o‘sish davrida zararkunandalar, zamburug‘li kasalliklar o‘simliklarga zarar yetkaza boshlaydi. Shuning uchun kasalliklarga qarshi kurash tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish yuqori sifatli hosil olishning asosiy omillaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Pomidor kuyasi (Tuta absoluta), oqqanot va qanotli shiralar asosan issiqxonalarda qishlab, havo isishi bilan darchalar ochilganda ochiq maydonlarga tarqaladi. Ularni tarqalishning oldini olish maqsadida issiqxonalardagi o‘simlik qoldiqlarini chuqurlarga ko‘mish yoki kimyoviy preparatlar bilan dorilab yo‘q qilish tavsiya etiladi.
Ertagi ekilgan kartoshka o‘simligini aprel oyining oxiri, may oyi boshidan boshlab kartoshka kuyasi, kolorado qo‘ng‘izi zararlay boshlaydi. Shuning uchun kartoshka, pomidor va baqlajon ekinlari zararkunandalariga qarshi ko‘rsatilgan (Atsetamiprid, Sipermetrin, Imidakloprid, Deltametrin, Fozalon) preparatlarning birortasi bilan ishlash tavsiya etiladi.
Zamburug‘li kasalliklar (rizoktoniozi, fuzarioz so‘lish, fitoftoroz) pomidor, baqlajon, shirin qalampir va boshqa ekinlarning o‘sib-rivojlanish fazalarini kuchli zararlaydi. Barcha o‘simliklarni ildiz bo‘g‘zida biroz botiq, qo‘ng‘ir yoki qizg‘ish qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi. Ildiz tukchalari chirib, tuksiz bo‘lib qolganda barglari sarg‘ayadi va pastkilaridan boshlab asta-sekin quriydi. O‘suv davrida ekinda kasallikning birinchi belgilari ko‘rinishi bilan o‘simliklarga profilaktika uchun quyidagi preparatlarni – Riddomil gold ms 68% s.d.g – 2,5 kg/ga, Kurzat R – 2,5 kg/ga, Previkur Sl – 1,5 l/ga me’yorlarida purkash tavsiya etiladi.
Sabzavot, poliz va kartoshka mahsulotlari yetishtirishda o‘simlik zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish tadbirlarini o‘z vaqtida, me’yorida, sifatli tartibda olib borilishi umumiy hosilning 35–40 foizini saqlab qolish imkonini beradi.
Ertagi muddatda plyonka ostiga ekilgan – ertagi karam, gul karam, ertagi kartoshka va har xil ko‘katlar hosillarini o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish ham o‘ziga xos muhim tadbir hisoblanadi. Ertagi sabzavotlar uzoq saqlanmaydi va tez shikastlanadi, natijada meva sifati pasayadi. Shuning uchun ularni qisqa muddat ichida iste’molchilarga yetkazib berish zarur.