Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Sharq mevaxo‘ri (Grapholita molesta Busck) haqida ma`lumot

Sharq mevaxo‘ri (Grapholita molesta Busck) haqida ma`lumot

Feromon tutqichlarining ahamiyati. Sharq mevaxoʼri — shaftoli, olma, olxoʼri, nok va boshqa mevazorlar uchun katta iqtisodiy zarar keltiradigan yashirin hayot kechiruvchi zararkunanda turi hisoblanadi. Uning faolligini aniqlash va rivojlanish davrlarini kuzatib borish uchun feromon tutqichlar qoʼllaniladi. Ular kapalakning jinsiy feromoni asosida ishlaydi va populyatsiyani erta bosqichda kuzatish imkonini beradi.
Feromon modda tarkibi. Sharq mevaxoʼriga moʼljallangan tutqichlarda qoʼllaniladigan feromon moddalar tarkibi: sis-8-dodetsen-1-il-atsetat (90%), trans-8-dodetsen-1-il-atsetat (8%) va sis-8-dodetsen-1-ol (2%) ni tashkil etadi. Ushbu moddalar maxsus kapsulaga joylashtirilib, ushbu modda havoga tarqalib, erkak kapalaklarni jalb qiladi.
Tutqichlarni oʼrnatish usuli. Feromon tutqichlar har 1 gektarga 2–3 donadan hisoblab, daraxt shoxlariga yer sathidan 1,5–2 metr balandlikda mart–aprel oylarida oʼrnatiladi. Bu davrda havo harorati +12–15°C atrofida boʼlib, kapalaklarning birinchi uchishi boshlanishi kutilgan vaqt hisoblanadi.
 Monitoring va nazorat yuritish. Feromon tutqichlar oʼrnatilgandan keyin, dastlab 2–3 kunda bir marta, keyin esa har kuni ertalab (soat 08:00) tekshiriladi. Аgar har bir tutqichda 5 ta yoki undan ortiq kapalak aniqlansa, biologik yoki kimyoviy kurash choralari boshlanadi. Har bir kontur boʼyicha maʼlumotlar hisobga olinib, haftasiga ikki marta (seshanba va juma kunlari) mutasaddi tashkilotga yuboriladi.
Iqtisodiy va ekologik samara. Feromon tutqichlar yordamida olingan maʼlumotlar asosida insektitsidlar aniq va samarali qoʼllaniladi, ortiqcha ishlovlarning oldi olinadi. Bu nafaqat meva sifatini yaxshilaydi va hosilni himoya qiladi, balki ekologik toza mahsulot yetishtirishga ham xizmat qiladi.
Feromon dispensorlar (kapsulalarni) saqlash
Feromon moddalar samaradorligini saqlash uchun ularni 0+4°C haroratda muzlatgichda saqlash tavsiya etiladi. Uzoq muddatli saqlash uchun esa –18°C gacha boʼlgan muzlatgich qoʼllaniladi. Germetik qoplamalarda saqlash, namlik va kimyoviy moddalardan uzoqda saqlash tavsiya etiladi.