Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Laboratoriya yangiliklari

Laboratoriya yangiliklari

Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti 2-bosqich tayanch doktoranti Dusmatova Dilrabo Turopovna tomonidan “Zararkunanda va kasalliklardan biologik himoya qilish” laboratoriyasida mahalliy shtammlardagi entomopatogen nematodalarning kartoshka kuyasi (Phthorimaea operculella Zeller, 1873) lichinkalariga qarshi biologik samaradorligini aniqlash boʻyicha tajribalar oʻtkazilmoqda.
Tajribalarda qoʻllanilayotgan entomopatogen nematoda izolyatlari Oʻzbekiston hududidagi turli agrobiotsenozlardan Bedding (1984) usuli asosida ajratib olinib,  monoksenik sharoitda koʻpaytirilgan. Olingan uchinchi yoshdagi (IJ) nematodalar suspenziyasi, kartoshka tugunaklarida laboratoriya sharoitida sunʼiy ravishda P. operculella lichinkalariga qarshi qoʻllanildi.
Tajriba davomida biologik samaradorlik darajasi Abbott (1925) formulasi asosida aniqlanmoqda, olingan natijalar statistik jihatdan dispersiya tahlili (ANOVA) yordamida SPSS dasturi orqali qayta ishlanib, natijalar ilmiy ishonchlilik darajasi (P<0,05) bilan tasdiqlanmoqda.
Ushbu tadqiqotning ilmiy yangiligi va dolzarbligi, mahalliy entomopatogen nematoda izolyatlarining  kartoshka kuyasi populyatsiyalariga qarshi potensial biologik nazorat agentlari sifatida qoʻllash imkoniyatlarini ilmiy asoslashda hamda kartoshka agroekotizimlarida ekologik xavfsiz va barqaror biologik kurash usullarini rivojlantirishda namoyon boʻladi.