Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Laboratoriya yangiliklari

Laboratoriya yangiliklari

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining 18.04.2025-yil, 15-823-sonli topshrig‘iga asosan, “Yaylov, yem-xashak, moyli va dorivor o‘simliklar zararli organizmlariga qarshi kurashish” laboratoriyasi mudiri, q.x.f.d., professor N.X.Tufliyev, laboratoriya yetakchi ilmiy xodimi professor Gapparov F.A. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilayotgan “Chigirtkalarga qarshi kurashni yaxshilash loyihasi” doirasida 2025-yil 26-31 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi soha mutaxassislarining hamkorlikda chegaradosh hududlarda zararli chigirtkalarni rivojlanishi va tarqalishi bo‘yicha kuzatuv-nazorat ishlarini o‘tkazish hamda mavsumda kurash tadbirlarini o‘z vaqtida samarali o‘tkazilishini tashkil etish bo‘yicha xizmat safarida faol qatnashishdi.
Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi bilan chegaradosh hududlarida xususan O‘sh, Jalalobod, Botken viloyatlarining Aravon, Qizil qiya, Axsi, Olabo‘qa, tumanlarida bo‘lganimizda Qirg‘iziston Respublikasining Andijon viloyati Marhamat tumani bilan chegaradosh bo‘lgan O‘sh viloyatining Aravon tumani hududlarida kuzatuv monitoring olib borildi. Kuzatuvlarimizda voyaga yetgan Marokash chigirtkasining uchoqlari mavjudligi va ular qanot chiqarib uchishga tayyor ekanligi qayd etildi. Zararli chigirtkalar kuzatilgan hududlarga darhol kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuvlar olib borildi, aks holda qanot chiqargan zararli chigirtkalar O‘zbekiston Respublikasi hududlariga uchib o‘tishi mumkinligi tushuntirildi. Shu kunning o‘zida kimyoviy ishlovlar olib borildi. Kimyoviy ishlovlar o‘tkazilgan hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi biologik samaradorligini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan kuzatuvlarimizda qo‘shni respublikada asosan tayyor moyli insektitsid ta’sir etuvchi moddasi o‘ta zaharli bo‘lgan xlorpirifos insektitsididan foydalanilayotganligi qayd etildi. Bu tayyor moyli insektitsidlar zararli chigirtkalarga qarshi biologik samaradorligi 1-kundan keyin o‘rtacha 90,0-92,0% dan yuqori ekanligi qayd etildi. Zararli chigirtkalar xavfi bartaraf etildi. 
Qirg‘iziston Respublikasining Namangan viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Jalalobod viloyatining Axsi, Olabo‘qa tumanlarida kuzatuv monitoring olib borildi. Kuzatuvlarimizda ushbu hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar olib borilganligi qayd etildi. Qo‘shni respublikaning ushbu hududdagi faoliyat olib borayotgan tajribali mutaxassislari o‘z vaqtida kurash chora-tadbirlari olib borilganligi sababli zararli chigirtkalar to‘liq bartaraf etilganligi kuzatildi. O‘tgan yili bu hududlarda to‘da hosil qilmaydigan chigirtkalardan Turon, olaqanot, turkman chigirtkalarining lichinkalari o‘rtacha 1 m.kv. maydonda o‘rtacha 3-4 dona ekanligi qayd etilgan edi. Bu yil bu hududlarda umuman ushbu turga mansub chigirtkalar uchramagnligi kuzatildi.
 Namangan viloyatining Uychi, Uchqurg‘on, Chortoq tumanlarining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan hududlarida kuzatuv monitoring olib borildi. Kuzatuvlarimizda ushbu hududlarda Namangan viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati tomonidan zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy kurashishlar olib borilganligi sababli zararli chigirtkalar uchramaganligi qayd etildi. 
 Andijon viloyatining  Marhamat tumanining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan hududlarida kuzatuv monitoring olib borildi. Kuzatuvlarimizda ushbu hududlarda Turon, olqanot chigirtkalari uchrashi va ularning soni 1 m.kv. o‘rtacha soni 1 dona ekanligi qayd etildi. Ushbu hududlarda ham kimyoviy ishlovlar o‘tkazish lozimligi tavsiya etildi. Sababi kelgusi yillarda ularning soni oshib ketib, qishloq xo‘jalik ekinlariga xavf yetkazishini oldini olish maqsadida.
Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining soha mutaxassislari bilan birgalikda kelgusida har ikki davlat mutasaddi va mutaxassislari chegaraviy hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashni doimiy nazorat qilib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi va har ikki davlat o‘rtasida qo‘shma bayonnoma tuzildi.