Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Gilos pashshasi va unga qarshi kurashish choralari.

Gilos pashshasi va unga qarshi kurashish choralari.

Gilos pashshasi Rhagoletis cerasi mevali daraxtlaridan asosan olcha, gilos, malina, tut, na’matak hamda qora smorodina mevali buta o‘simliklariga jiddiy zarar keltiradi. Gilos pashshasini zararini aniqlash qiyin, bog‘bonlar uning mavjudligini faqat mevalarning zararlanishi ortib ketganda va hosil deyarli nobud bo‘lganda bilib qolishadi. Har bir pashsha 150 taga yaqin gilos mevasiga bittadan tuxum qo‘yib zarar keltiradi. Gilos pashshasi juda mayda 5,5 mm li pashsha bo‘lib, uning tanasi yorqin qora rangda, boshi va oyoqlari sariq, qanoti oq-qora bo‘lib, ko‘zlari mikroskop ostida och yashil rangda ko‘rinadi. Asosan lichinkalar mevalarni zararlaydi. Voyaga yetgan lichinkaning uzunligi 7 mm bo‘lib oq rangda bo‘ladi. 
Erta bahorda havo harorati +12° +15°S bo‘lganda, ya’ni mart oyining ikkinchi yarmida qishlab qolgan g‘umbaklardan pashshalar ucha boshlaydi va 12-14 kun o‘simlik shiralari ajratgan ekskrimentlar bilan oziqlanib, havo harorati o‘rtacha +18° +22°S bo‘lganda gilos va olchaning yosh mevalariga tuxum qo‘ya boshlaydi. 7-10 kundan so‘ng tuxumdan oq rangdagi lichinkalar chiqa boshlaydi. 0,5 mm uzunlikdagi lichinkalar          16-20 kun oziqlanib, 7 mm uzunlikdagi voyaga yetgan lichinkaga aylanadi. So‘ng zararlangan mevadan tark etib yon atrofdagi begona o‘tlar va daraxtlarning yoriqlariga kirib g‘umbakka aylanadi va diapauzaga ketadi.
Qarshi kurash choralari
Agrotexnik kurash choralari. Daraxt shoxlariga fitosanitar shakl berish, gilos va olcha daraxtlari qator oralarini shudgorlash va ularning atrofiga 15-20 sm chuqurlikda ishlov berish, begona o‘tlardan tozalash hamda mineral o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlashni nazorat qilib borish.
Biologik kurash choralari:
Feromon tutqichlardan foydalanish. Gilos pashshasi bir avlod berib rivojlanadi. Iyun oyida g‘umbakka aylanib, kelgusi yilgacha shu holatda bo‘lib, gilos gullashi boshlanishi bilan pashshalari uchib chiqib, gilos mevalariga tuxum qo‘yadi. Shu sababli gilos gullashidan 8-10 kun oldin gilos pashshasini feromon tutqichi gektariga 1-2 donadan daraxt shoxlariga 1,5-2,0 metr balandlikda o‘rnatish va hosil yig‘ib olinguncha ularning nazoratini olib borish kerak.
Shuningdek, gilos pashshasiga qarshi Bacillus thuringiensis (Bioslip BT 1,0 kg/ga) asosli biologik preparatlarni qo‘llash tavsiya etiladi.
Kimyoviy kurash choralari. Erta bahorda zararkunandalarning qishlovdan chiqish davrida havo harorati +70С dan oshganda neft moylari asosli preparatlar va uning analoglari bilan profilaktik ishlov berish.
Vegetatsiya davrida gilos pashshasi iqtisodiy zarar yetkazish mezonidan oshganda kimyoviy kurash sifatida tarkibida ta’sir etuvchi moddasi abamektin, imidakloprid va lyambda-sigalotrin asosli preparatlardan biri bilan ishlov berish tavsiya qilinadi.