Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Gilos pashshasi (Rhagoletis cerasi)

Gilos pashshasi (Rhagoletis cerasi)

Ikki qanotlilar (Diрtеrа) turkumining, chiporqanotlilar (Tephritidae) oilasiga mansub.

Zarari: Gilos pashshasi mevali daraxtlardan asosan olcha, gilos, malina, tut, naʼmatak hamda qora smorodina qizil mevali buta oʼsimliklariga jiddiy zarar keltiradi. Bir koʼrishda gilos pashshasini aniqlash qiyin. Koʼpchilik bogʼbonlar uning mavjudligini faqat mevalarning zararlanishi ortib ketganda va hosil deyarli nobud boʼlganda bilib qolishadi. Har bir pashsha 150 taga yaqin gilos yoki olchaga bittadan tuxum qoʼyib zarar keltiradi.

Morfologiyasi: Gilos pashshasi juda mayda 5,5 mmli pashsha boʼlib, uning tanasi yorqin qora rangda, boshi va oyoqlari sariq, qanoti oq-qora boʼlib, koʼzlari mikroskop ostida och yashil rangda koʼrinadi. Аsosan lichinkalar mevalarni zararlaydi. Voyaga yetgan lichinkaning uzurligi 7 mm boʼlib oq rangda boʼladi.

Bioekologiyasi: Erta bahorda havo harorati +12℃ va +15℃ boʼlganda yaʼni mart oyining ikkinchi yarmida qishlab qolgan gʼumbaklardan pashshalar ucha boshlaydi va 12-14 kun oʼsimlik shiralari ajratgan ekskrimentlar bilan oziqlanib havo harorati oʼrtacha +18℃ va +22℃ boʼlganda gilos va olchaning yosh mevalariga tuxum qoʼya boshlaydi. 7-10 kundan soʼng tuxumdan oq rangdagi lichinkalar chiqa boshlaydi. 0,5 mm uzunlikdagi lichinkalar 16-20 kun oziqlanib 7 mm uzunlikdagi voyaga yetgan lichinkaga aylanadi. Soʼng zararlangan mevadan tark etib yon atrofdagi begona oʼtlar va daraxtlarning yoriqlariga kirib gʼumbakka aylanadi va diapauzaga ketadi.

Feromon tutqichlardan foydalanish: Gilos pashshasi bir avlod berib rivojlanadi.Iyunь oyida gʼumbakka aylanib, kelgusi yilgacha shu holatda boʼlib, gilos gullashi boshlanishi bilan pashshalari uchib chiqib, gilos mevalariga tuxum qoʼyyadi.Shu sababli gilosgullashidan 8-10 kun oldin gilos pashshasini feromonini gektariga 1 donadan daraxt shoxlariga 1,5-2 metr balandlikda oʼrnatish va hosil yigʼib olingancha ularning nazoratini olib borish;

Аgrotexnik kurash choralari: Daraxt shoxlariga fitosanitar shakl berish, gilos va olcha daraxtlari qator oralarini shudgorlash va ularning atrofini 15-20 sm chuqurligida ishlov berish, daraxtlarining atrofi va qator oralarini begona oʼtlardan tozalash hamda mineral oʼgʼitlar bilan oʼgʼitlashni nazorat qilib borish va hokazolar kiradi.

Biologik kurash choralari: Oddiy oltinkoʼz — (Chrysoperla carnea) lichinkalari juda yirtqich boʼlib, bir sutkada oʼrtacha 15 – 20 ta pashshalarni yeb qoʼyadi.

Kimyoviy kurash choralari: Erta bahorda gilos va olcha daraxtlarini mineral-moyli emulьsiyali preparatlar bilan hamda ISO va Bordo suyuqliklari bilan ishlov berish. Gʼumbakdan chiqqan urgʼochi pashshalar 12-14 kun davomida nektar va soʼruvchi hasharotlar tomonidan ajratilgan shira (ekskrement)lar bilan qoʼshimcha oziqlanib boʼlgach havo harorati oʼrtacha +18℃ va +22℃ boʼlganida gilos va olchaning yosh mevalariga tuxum qoʼya boshlashidan oldin kimyoviy kurash sifatida tarkibida taʼsir etuvchi moddasi abamektin, imidokloprid va lyambda-tsigalotrin boʼlgan insekto-akaritsidlar bilan ishlov berishni tashkillashtirish.