Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Fitoftoroz haqida ma`lumot

Fitoftoroz haqida ma`lumot

Pomidor fitoftorozini  Phytophthora infestans oomitset zamburug‘i qo‘zg‘atadi. Keyingi yillarda pomidor fitoftorozi O‘zbekistonda issiqxonalarda keng tarqalgan kasallikka aylandi. Salqin va nam yomg‘irli, shabnamli ob-havoda pomidor mevalarining 60-70 foizi zararlanishi mumkin. Kasallik o‘simliklar gullash paytida boshlanadi. Barg bandlari pastga bukiladi va barglar osilib qoladi; barglarning ustida qaynoq suvda kuyganga o‘xshash dog‘lar paydo bo‘lib, ular so‘ngra qo‘ng‘ir yoki to‘q-qo‘ng‘ir tus oladi, keyinchalik barg to‘qimasi biroz oqarib, yupqa qog‘ozsimon bo‘lib qoladi. Nam ob-havoda barglar ostidagi dog‘lar atrofida mayin, yupqa, oqish mog‘or qatlami paydo bo‘ladi. Yuqori namlik va iliq haroratda barglar butunlay chirishi va deyarli barcha o‘simliklar halok bo‘lishi mumkin. To‘p gullar zararlanganida gulbandlar va ko`sacha barglari qorayadi va qurib qoladi. Zararlangan novdalarda uzunchoq yoki o‘zgaruvchan shaklli, qizg‘ish- qo‘ng‘ir dog‘lar rivojlanadi, novda va barglar kuyganga o‘xshab qoladi. Mevalar ustida qattiq, noto‘g‘ri shaklli, qo‘ng‘ir tusli, usti biroz g‘adir-budur dog‘lar va yaralar paydo bo‘ladi. Bunday mevalar ikkilamchi mikroorganizmlar ta’sirida tezda butunlay chiriydi. Kasallik rivojlanishi uchun yuqori namlik (yomg‘ir, shabnam) va salqin harorat (10 -25ºS) qulay sharoit hisoblanadi.
Zamburug‘ ochiq dalalarda tuproq ustida o‘simlik qoldiqlarida va ituzumdoshlar oilasiga mansub begona o‘tlarda qishlaydi. Kasallik ekinga qo‘shni dalalardagi kartoshka va pomidordan ham tarqaladi. Ko‘chatxonalarda kasallik paydo bo‘lishi juda xavfli; yuqori haroratda kasallik belgilari yuzaga chiqmasligi mumkin, ular ochiq dalaga ko‘chirib ekilgach, fitoftoroz o‘choqlarini paydo qiladi. Dalada pomidorda fitoftoroz kartoshkada paydo bo‘lishidan oldin kuzatiladi. Qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ning har xil irqlari mavjud va pomidor navlari ular bilan har xil darajada zararlanadi.
       
Kurashish choralari.
•  Chidamli yoki tolerant navlar yaratish va qo‘llash; jo‘yaklarni baland qilish;
•  ekishdan oldin urug‘ni samarali urug‘ dorilagichi bilan dorilash;
•  almashlab ekish; oldingi yili pomidor yoki kartoshka ekilgan dalalarga ekmaslik;
•  boshqa kartoshka va pomidor ekinlaridan uzoqroqdagi dalalarga ekish;
•  ekin ichida shamol yaxshi yurishini ta’minlash (ortiqcha shoxlarini o‘z vaqtida butash, ventilyatsiya);
•  azotli o‘g‘itlarning tavsiyadagi minimal miqdorlarini berish (bular, ayniqsa nitratli shakllari, kasallikni kuchli rivojlanishiga olib keladi);
•  o‘suv davrida ertagi kartoshka ekinida kasallikning birinchi belgilari ko‘rinishi bilan pomidor o‘simliklariga profilaktika uchun fungitsid (mankotsebni alohida
yoki metalaksil bilan aralashmasini, 0,2% li ridomil, 0,5% li kaptan, 0,4%
li mis xloroksidi, 1% li Bordo suyuqligi) purkash;
•  o‘simlik qoldiqlarini daladan chiqarib, yo‘qotish tavsiya qilinadi.
Pomidor asosan ho‘l meva sifatida iste’mol qilinishi tufayli unda pestitsid qoldiqlari bo‘lmasligi (ekologik toza bo‘lishi) o‘ta muhim. Shu sababdan ekinni fitoftorozdan, iloji boricha fungitsid qo‘llamasdan, yuqorida ko‘rsatilgan agrotexnik va profilaktik tadbirlar yordamida himoyalash tavsiya qilinadi.