Shrift o'lchami:

A

A

Sayt rangi:
A
A
A

Chigirtkalar hujumidan qay darajada himoyalanganmiz?

Chigirtkalar hujumidan qay darajada himoyalanganmiz?

Hozirgi kunda chigirtkalarning turi 200 dan oshdi. Marokash, Osiyo, voha, qir, otbosar, sahro va hokazo chigirtka turlarini misol tariqasida keltirish mumkin.

   Birgina Samarqand viloyatida 2021-yilda chigirtka tarqalgan 25 ming 155 gektar maydonga kimyoviy ishlov berishga to‘g‘ri kelgan. Joriy yilda esa viloyat hududida 31 ming gektar maydonda chigirtka tarqalishi xavfi borligi bashorat qilinmoqda va albatta ushbu zararkunandaga qarshi kurashish choralari belgilangan.

   Xususan, mamlakatimizda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlarida chegara qo‘shinlari, FVV, mahalliy hokimliklar va Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati va boshqa mas’ullar tomonidan zarur chora-tadbirlar olib borilmoqda.

   Chigirtkalar hammaxo‘r zararkunandalardan hisoblanadi. Lichinkalari donli va boshqa ekinlarni shikastlaydi, yetuk chigirtkalar esa barg, yosh shoxlar va hatto gul, shonalarni yeb qo‘yadi. Chigirtkalar to‘da bo‘lib yoki bitta-bittadan uchadi. To‘da bo‘lib uchadiganlari avval to‘da hosil qilib olishadi. Lichinkalardan iborat bunday to‘dalar quyoshli kunlarda doimo siljib turadi. Ular havo bulut va sovuq kunlari harakatlanmaydi. To‘da hosil qiluvchi chigirtkalar katta xavf tug‘dirib vohalarga uchib kelib ekinlarga yopiriladi. G‘alladoshlardan tashqari ko‘pgina boshqa ekinlarga ham, jumladan makkajo‘xori, oqjo‘xori, beda, sabzavot, poliz, g‘o‘za va boshqalarni shikastlashi mumkin.

   Zararkunanda manbalarini o‘z vaqtida yo‘qotishga qaratilgan tadbirlar tufayli hozirgi vaqtda har xil ekinlar, jumladan, g‘o‘za va donli ekinlarning ko‘plab hosili nobud bo‘lishdan asrab qolinmoqda. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, chigirtkalarning ayrim turlari dehqonchilikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Chigirtkaga qarshi kurashda kimyoviy ishlov berish usulining o‘zi kifoya qilmaydi. Bunda chigirtkalar urchishi, oziqlanishi, tuxum ko‘zachalarini qo‘yishi uchun noqulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan agrotexnika va melioratsiya tadbirlari ham amalga oshirilishi lozim.

   “Zararli chigirtkalar - qishloq xo‘jalik ekinlarining xavfli zararkunandasi” deb nomlangan navbatdagi  ko‘rgazmali amaliy tadbirlardan biri Nurobod tumanida bo‘lib o‘tdi. Seminarda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tuman bo‘limi, viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi xodimlari hamda tuman bo‘limi mas’ullari, Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati xodimlari, tuman tibbiyot  birlashmasi mas’ullari ishtirok etishdi.

   Mazkur ko‘rgazmali amaliy seminarda tog‘ va tog‘oldi hududlaridagi zararli chigirtkalarga qarshi kurashishda chigirtkalar bioekologiyasini bilish muhim ahamiyat kasb etishi hamda chigirtkalarga qarshi kurash choralarining olib borilishida agrotexnik va tashkiliy xo‘jalik, biologik hamda kimyoviy preparatlarni qo‘llash bo‘yicha ishtirokchilarga tushunchalar berilib, kimyoviy ishlov berish vaqtida zaharlanish holatlari sodir bo‘lganda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish borasida ko‘rgazmali namoyishlar taqdim etildi.

   Seminar so‘nggida chigirtkalarga qarshi kurashishda tegishli xizmatlardan kuzatuv-nazorat ishlarini kuchaytirish, zarur kimyoviy vositalar va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari zaxirasini o‘z vaqtida yaratish kabi talablar amalga oshirilishi belgilab olindi.

   Ayni kunlarda hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlari davom etmoqda.

 

Samarqand viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi

Axborot xizmati