Bizning manzil:
111215, Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur ko'chasi 4-uy Elektron manzil: ilmiymarkaz@karantin.uzAgentlik direktori tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni joyida o‘rganish va bartaraf etish davlat idoralari oldida turgan muhim vazifalardan bir sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan navbatdagi “Ochiq muloqot”ini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashev ishtirokida o‘simliklarni himoya qilish vositalari va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi, eksportyor hamda importyor tadbirkorlar bilan “Ochiq muloqot” tashkil etildi.
Ochiq muloqotda muhokamalar markazida bo‘lgan masalalardan biri – pestitsid va mineral o‘g‘itlardan foydalanish, kontrafakt mahsulotlarning kirib kelishini oldini olish va kimyoviy vositalardan foydalanish hajmini kamaytirish bo‘ldi.
Bu borada tadbirkorlarga respublika hududiga kirib kelayotgan pestitsidlarni sinovdan o‘tkazish tartibi batafsil tushuntirildi. Xususan, bunday himoya vositalarining tartibsiz sotilishi, saqlash talabi va muddati o‘tgan vositalarni qo‘llash muammo bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Shu o‘rinda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash, import va eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarning tahliliga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.
Ilgari tadbirkorlik subyektlari tartib-qoidaga muvofiq har bir ko‘rsatilgan davlat xizmati uchun alohida to‘lovni amalga oshirgan. Bunda importyorlar tomonidan 4 ta, eksportyorlar tomonidan esa 3 ta shartnoma tuzilgan.
Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada soddalashtirish maqsadida Agentlik tomonidan 2023-yildan boshlab “Yagona billing” to‘lov tizimi joriy qilindi.
Tadbirkorlardan 6 turdagi qog‘oz shakldagi hujjat o‘rniga 1 ta elektron ariza olish tizimi joriy qilinib, tuziladigan shartnomalar 100 foiz onlayn-oferta shakliga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni ko‘rib chiqish muddatlari eksportda 10 kundan 1 kungacha, importda 30 kundan 3 kungacha qisqartirildi. Barcha ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarda QR-kod tizimi joriy etildi.
Sertifikatsiya hujjatlarini rasmiylashtirish elektron tizimiga o‘tkazildi hamda Markaziy bankning “Munis” to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yildi.
“Ochiq muloqot”da nafaqat mamlakatimiz tadbirkorlari, balki xorijiy investorlar ham ishtirok etishdi. Xususan, Turkiyalik tadbirkorlar ham qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Muloqotda O‘zbekistonda foydalaniladigan gerbitsidlarni qo‘llash tartibi, preparatlarni ro‘yxatga olishda yagona standartlarni joriy etish muhokama etildi. Kimyoviy vositalarni ro‘yxatga olish qoidasi, tartibi va talabi tushuntirib berildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etgan tadbirkorlar o‘z muammolari va faoliyatlarini yanada rivojlantirish uchun zarur yordamlar yuzasidan Agentlik direktori I.Ergashevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etdilar.
Tadbirkorlarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi. Zaruriy tushunchalar berilib, har bir muammolar bo‘yicha nazoratga olinib, ijroga qaratildi.
Tadbir yakunida tadbirkorlarga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakolati doirasidagi murojaatlar yuzasidan istalgan vaqtda Agentlikning qisqa 12-88 ishonch telefoniga hamda 71 202-10-00 raqamli telefonlariga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.